Xabar berganimizdek, Qozog‘istonning Astana shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan “Chellenjer” turnirida hamyurtimiz Humoyun Sultonov muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 40 ming AQSH dollaridan iborat musobaqada Humoyun Sultonov ikkinchi davrada turnirning to‘rtinchi raketkasi, qozog‘istonlik Dmitriy Popkoni tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ygan edi.

Dunyo reytingida 550-o‘rinda borayotgan Sultonov mazkur musobaqaning chorak final uchrashuvida rossiyalik Yevgeniy Filippovni uch set natijasiga ko‘ra dog‘da qoldirdi. Birinchi setni 5/7 hisobida boy bergan hamyurtimiz ikkinchi va uchinchi setni 6/4, 6/3 ko‘rinishida o‘z foydasiga hal etdi.

Endi Humoyun Sultonov “Chellenjer” turnirining yarim final bahsida qozog‘istonlik Kukushkin va rossiyalik Karlovskiy qarama-qarshiligida kechadigan bahs g‘olibi bilan kuch sinashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA