Xabar berganimizdek, poytaxtimizda voleybol bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida davom etayotgan qit’a chempionati qizg‘in pallaga kirib bormoqda.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi chempionatning yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Hamyurtlarimiz pley-offdagi ikkinchi uchrashuvda eronlik tengqurlariga qarshi bahs olib bordi. Bellashuv Eron jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgan bo‘lsa-da voleybolchilarimiz guruh bosqichini 1-o‘rinda yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, parallel bahsda Yaponiya Qozog‘istonga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergani va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar terma jamoamizning yarim final yo‘llanmasiga sazovor bo‘lishini ta’minladi.

Bugun, 28 iyul kuni qit’a chempionatining navbatdagi bahsida hamyurtlarimiz Pokistonga qarshi maydonga tushadi. Aynan ushbu uchrashuv final va jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda hal qiluvchi bellashuv hisoblanadi.

Chempionat 30 iyulgacha davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA