O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Xalqaro kurash instituti tomonidan o‘zbekistonlik kurash hakamlari uchun o‘quv-seminari tashkil etilmoqda.

Seminar ochilishida milliy sportimiz kurashning xalqaro arenalardagi nufuzini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tajribali kurash mutaxassislarini tayyorlash holati, joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlaridagi kurash musobaqalarining tashkiliy jihatlari, hakamlik madaniyati borasida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, nazariy mashg‘ulotlar O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida, amaliy mashqlar poytaxtimizdagi “Sag‘bon” kurash majmuasida tashkil etiladi.

Seminarda ishtirok etayotgan 30 nafardan ziyod yosh mutaxassislar hakamlik qoidalari, musobaqalarni baholash tizimi va tamoyillari, hakamlar mas’uliyati, roli va vazifalari, shuningdek sohaga oid boshqa mavzular bo‘yicha saboq olishadi.

Mashg‘ulotlar 2 avgustga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA