O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan 24 iyul kuni o‘tkazilgan telefon orqali muloqotida O‘zbekiston-Turkmaniston amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Suhbatda o‘zaro savdoni ko‘paytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Shovot-Toshovuz” chegaraoldi erkin savdo zonasini barpo etish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning ilk natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.