Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Hindiston-Janubiy Koreya” do‘stlik jamiyati raisi, Hindistonning O‘zbekiston Respublikasidagi sobiq elchisi, “Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazi eksperti Skand Tayal bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ko‘p tomonlama aloqalar, xususan, savdo va iqtisodiy, investitsiya, parlamentlararo aloqalar, ta’lim, madaniyat, tibbiyot va shu kabi boshqa sohalardagi hamkorlikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro kuzatuvchi saylov uchastkalarida fuqarolar erkin ovoz berishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, jarayonlar ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga bo‘lgan faolligini yuksak baholadi.
Bundan tashqari, Skand Tayal respublikada olib borilayotgan izchil islohot va yangilanishlar, ularning huquqiy asoslari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidladi.
Tomonlar muloqot davomida yana bir qator masalalar yuzasidan fikr almashdi.
N.Abduraimova,
O‘zA