Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ishlab chiqildi. Oxirgi 2,5 yil mobaynida tijorat banklari va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 496 ming nafar xotin-qizga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 9,7 trillion so‘m kreditlar ajratildi. 108 ming nafardan ziyod xotin-qizga asbob-uskunalar uchun subsidiya ajratildi. Xususan, 2022 yilda bu maqsad uchun 39,9 mingdan ziyod xotin-qizlarga 164 milliard so‘mga yaqin, 2023 yil 5 oyida 16 ming 165 nafariga 66,1 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bu boradagi sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda tadbirkor ayollar ulushi 37 foizni tashkil etmoqda.

“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro haftalik doirasida Tadbirkor ayollar biznes-forumi o‘tkazildi. Unda xorijiy va mahalliy tadbirkor ayollar, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi. Forum davomida xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan o‘zbek brendlarining modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash, zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdilar.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova ham so‘zga chiqib, yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi:  

— O‘z mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kasb-hunar va tadbirkorlikni o‘rganish ishtiyoqida bo‘lgan 304 ming 891 nafar xotin-qizlar “Ishga marhamat” monomarkazlarida, kasb-hunar maktablarida mehnat bozori talab etayotgan kasb-hunarga o‘qitildi. Oxirgi 2,5 yil davomida 473 ming 659 nafar xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. 230 mingdan ortiq xotin-qizlar jamoat ishlariga jalb etildi. Bugungi kunda 14 ming 693 nafar xotin-qizlar “Hunarmand” uyushmasiga a’zolikka jalb etilgan bo‘lib, ularga 21 ming 879 nafar shogird biriktirilgan. Maqsadimiz — tadbirkor ayollarimizni mamlakatimizga yaratilgan tizim yordamida to‘liq qo‘llab-quvvatlashdan iborat, — dedi Z.Mahkamova.

Muhtarama Komilova, O‘zA