Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan Nukus, Xiva, Farg‘ona, Qarshi, Andijon, Guliston, Nurafshon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Termiz, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablari bitiruvchilarini mustaqil hayotga kuzatish hamda ularni bitiruv sertifikatlari bilan taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2019 yildan boshlab Nukus, Toshkent, Namangan va Xiva shaharlarida Prezident maktablari ochildi. Bugungi kunga kelib agentlik tizimida barcha hududlarda bittadan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktab hamda 166 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan 2021-2022-o‘quv yilining yakunlariga ko‘ra, agentlik tizimidagi 14 ta Prezident maktabini 92 nafar, 9 ta ijod maktabini 138 nafar va 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktabni 170 nafar o‘quvchi muvaffaqiyat bilan yakunlagan bo‘lib, 100 foiz bitiruvchi oliy ta’lim bilan qamrab olingan.

Joriy yilda 14 ta Prezident maktabini bitirayotganlar orasida xalqaro til bilish (IELTS) sertifikatini qo‘lga kiritganlar soni 326 nafarni, xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi sertifikatga ega bitiruvchilar soni 168 nafarni, nufuzli xalqaro universitetlarga qabul qilinganlar soni 275 nafarni, to‘liq grant asosida qabul qilinganlar soni 18 nafarni, “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘qishni davom ettirish istagini bildirganlar soni 176 nafarni tashkil etadi. 9 ta ijod maktabini bitirayotgan 223 nafar o‘quvchining 192 nafari xalqaro va milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. 33 nafari xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasasida tahsil olish bo‘yicha takliflar olgan.

Birgina o‘tgan yilda 5 ta ijod maktabida qo‘shimcha 600 o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli o‘quv binosi va oshxonalar, 2 ta zamonaviy kutubxona va sport zallari barpo etildi. 2022 yilda 4 ta ijod maktabida olib borilgan qurilish va jihozlash ishlari natijasida bu yil ijod maktablariga qabul kvotalari 33 foizga oshdi.

Bu yil 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarni bitirayotgan 216 nafar o‘quvchining 198 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur bitiruvchilarning 128 nafari nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalaridan muddatidan oldin o‘qishga qabul qilish bo‘yicha taklifni qo‘lga kiritgan.

2022-2023 o‘quv yilida ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni 3 ming 526 nafar o‘quvchi bitirayotgan bo‘lsa, ularning 486 nafari nufuzli xorijiy OTMning grantlarini qo‘lga kiritgan. 1 ming 800 dan ziyod o‘quvchi milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA