Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vazir o‘rinbosari va Prezident devoni vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi xabar qildi.

Qasr Al-Vatan majmuasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirish, ikki do‘st xalq yanada ko‘proq taraqqiyotga, ezgulik va farovonlikka erishishi uchun turli sohalar, xususan, iqtisodiyot va sarmoyaviy yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabati, bir qator mintaqaviy va xalqaro masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ol Nahayon BAA O‘zbekiston bilan aloqalarni chuqurlashtirish, umumiy manfaatga xizmat qiladigan barcha sohalarda hamkorlik ufqini yanada kengaytirishga intilishini tasdiqladi.

O‘z navbatida, B.Saidov respublikamiz BAA bilan strategik sheriklikni qo‘llab-quvvatlashdan, turli masalalar bo‘yicha ikki tomonlama muvofiqlashtirish jarayonini mustahkamlashdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA