Prezidentimizning joriy yil 20 iyunida “Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi.

Tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng ko‘p murojaatlariga sabab bo‘layotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati shakllantiriladi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng ko‘p tarqalgan kasalliklar va holatlar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.

2024 yildan yillik tibbiy ko‘riklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan o‘tkazish dasturlari joriy etiladi. 2023/2024 o‘quv yilidan quyidagilar tashkil etiladi. Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi,tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etiladi.

Shuningdek, tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash joriy etiladi.

Texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qo‘shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi joriy etiladi.

Tibbiyot yo‘nalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy ko‘nikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi joriy etiladi.

Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.

2023 yil yakunigacha barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi. Nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi.

Tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi, Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tashkil etiladi.

 

O‘zA