Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi, shuningdek, soliq siyosatini, shu jumladan, davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari bilan adolatli, xalqaro andozalarga javob beradigan qulay soliq tizimi yaratildi.
Xususan, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish maqsadida soliq turlari 16 tadan 9 tagacha kamaytirildi.
Oliy Majlis Senatida “Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.
Senat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etgan seminarda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab majburiy ajratmalar (3,2%) bekor qilindi.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizga, dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasi 10 foizdan 5 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi hamda soliq stavkasi 22,5 foizgacha bo‘lgan 4 pog‘onali daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz etib belgilandi.
Byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trln. so‘m soliq to‘lashdan ozod etildi.
Iqtisodiyotga soliq yukini adolatli taqsimlash hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjiri uzluksizligini ta’minlash maqsadida tovar aylanmasi 1 mlrd. so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar QQS to‘lashi belgilandi. Mazkur soliq stavkasi 20 foizdan bugungi kundagi 12 foizga qadar tushirildi hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berish amaliyoti joriy etildi.
Soliq yuki kamaygani tufayli umumbelgilangan soliq to‘lovchilar soni 23 barobarga ortib, 2018 yildagi 7,6 mingdan 2023 yilda 178 mingga yetdi.
Rasmiy band bo‘lgan xodimlar soni 130 foizga ko‘payib, 2018 yildagi 3,9 mln. nafardan 2022 yil yakunlari bo‘yicha 5,1 mln. nafarga yetdi.
Yuridik shaxs sifatida mol-mulk solig‘ini to‘lovchi korxonalar soni 2018 yildagi 9,2 mingtadan 2023 yilda 77,3 mingtaga yetib, 8,4 barobarga oshdi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yengillik va imtiyozlar natijasida ularning ixtiyorida 2017-2021 yillarda 119,5 trln. so‘m, 2022 yilda 72,9 trln. so‘m mablag‘ qoldirildi.
Seminarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish mexanizmini soddalashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning “soliq tarixi” bo‘yicha tegishli davlat organlari bilan birgalikda markaziy ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Aholi bandligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xususiy sektorda soliq yukini pasaytirish orqali norasmiy bandlik amaliyotiga barham berish va barcha uchun adolatli, shaffof va mutanosib soliq tizimini yaratish yuzasidan mulohazalar aytildi.
N.Abduraimova, O‘zA