AQSH bosh prokurori Merrik Garland oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Gaagadagi Xalqaro jinoyatlar sudi (XJS)ga keldi, deyiladi mazkur idora tarqatgan xabarda.
“Merrik Garland XJS raisi, sudya Petr Xofmanskiy, prokurori Karim Xon va kotibi Osvaldo Savalo Xiler bilan uchrashdi”, – deyiladi mahkamaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirilgan video lavhada. XJS sud oldi palatasi 17 mart kuni Prezident Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovayni hibsga olishga order bergan edi. Sud Rossiya tomonini ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblayapti. Rossiya hukumati esa bolalar jang maydonidan xavfsiz hududga olib chiqilganini uqtirmoqda.
Rossiya XJSga a’zo emas. Demak, ushbu tuzilma qarori Moskva tomonidan tan olinmasligi mumkin. Darvoqe, AQSH ham mazkur tashkilot tarkibida yo‘q.