Uchrashuv chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va davlatlararo munosabatlar rivojiga qo‘shimcha turtki berish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Qosim-Jomart Toqayev Tanzila Norboyevani qutlar ekan, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan muhim tashabbus – Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida faol ishtirok etgani va uni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Qozog‘iston Respublikasi rahbari ushbu nufuzli tadbirning birinchi majlisi natijalari mintaqalararo hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishiga va Markaziy Osiyoda gender tenglik hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqishga imkon berishiga ishonch bildirdi.

Qozog‘iston Prezidenti Q.Toqayev Oliy Majlis Senati raisining tashrifi ikki tomonlama hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatiga yaqqol misol bo‘lib, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.

– O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifimiz natijalarini yuqori baholaymiz. Joriy yilning 3 mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Nafaqat hukumat darajasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilayotgani, balki parlamentlararo diplomatiya ham faol rivojlanayotgani quvonarli. Shu bois kelgusi yili Samarqandda ikkinchi Parlamentlararo forum o‘tkazilishini mamnuniyat bilan qabul qilaman, – deya ta’kidladi Qosim-Jomart Toqayev.

O‘z navbatida, Tanzila Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.

– Biz Sizning rahbarligingizda Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholaymiz. Sizni Qozog‘istonda butun tizimni siyosiy modernizatsiya qilish imkonini bergan yirik tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Qozog‘iston ilg‘or islohotlar yo‘lidan ishonch bilan bormoqda va Qozog‘iston xalqi Siz tutgan yo‘lni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, – deb ta’kidladi Senat raisi.

Yakunda Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston rahbariga samimiy salomini aytib, ezgu tilaklarini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA