Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilayotgan masalalar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, investitsiyalar jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘l ochadi.

Iste’molchilarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, aholi salomatligini saqlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Senatning navbatdagi yalpi majlisda muhokama etiladigan masalalarni ko‘rib chiqish asnosida yuqoridagi fikrlar bildirildi.

Senatorlar “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun yuzasidan alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, raqobat muhitini rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat tomonidan berilgan hamda o‘z muddatida qaytarilmagan kredit mablag‘larini undirish masalalariga doir da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudlarga murojaat qilish chog‘ida tegishli davlat organlarini davlat bojini to‘lashdan ozod etish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu bois qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini sudlarga murojaat qilish chog‘ida davlat bojini to‘lashdan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Majlisda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA