O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi yangi bosqichga chiqadi

Ko‘ksaroydagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida Hukumatlararo bitim, 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida hamda 2019-2021 yillarda mo‘ljallangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida Hukumatlararo dasturlar, O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vairliklari o‘rtasida 2019 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Ikki tomonlama hamkorlikni qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sport, yoshlar, xotin-qizlar masalalari sohalarida yanada mustahkamlashga doir qator hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan Turkmaniston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan Turkmaniston kasaba uyushmalari Milliy markazi o‘rtasida va ikki davlat Xotin-qizlar qo‘mitalari o‘rtasida Anglashuv memorandumlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan Turkmaniston Yoshlar tashkiloti o‘rtasida Anglashuv memorandumi shular jumlasidandir.

e39fe3b9-de52-d87c-fd9f-41ad87189564.jpg

Shuningdek, tashrif doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va axborot-kommunikatsiya sohalarida 15 hujat imzolangan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar, odatdagidek, ochiq va samimiy, ishchanlik ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlardan xursandligini ta’kidladilar. 2017 yil O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlarida tarixiy yil bo‘ldi. Hozirgi kunda hamma kelishuvlarimiz to‘la amalga oshirilyapti. Bugungi uchrashuvimiz ham juda samarali bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni chuqur, har tomonlama muhokama qildik. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bu borada hal etilmagan masalalar qolmadi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishdik. Shu asosda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab oldik. Biz nimaiki qilayotgan bo‘lsak, xalqlarimiz uchun, bolalarimizning kelajagi uchun, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA