Bugun, 8 iyun kuni Italiya Respublikasi Prezidentining qarorgohi – Rim shahridagi Kvirinal saroyida rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul hamda otliq gvardiya askarlari saf tortdi. Kvirinal saroyining minorasida Italiya, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bayroqlari ko‘tarildi.
Davlatimiz rahbarini Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella kutib oldi.
Harbiy orkestr ikki mamlakat milliy madhiyalarini ijro etdi.
Faxriy qorovul boshlig‘i davlatimiz rahbariga raport berdi.
Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushish marosimidan so‘ng davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvi boshlandi.