Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, mamlakatimiz kurash federatsiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSh dollarini tashkil etib, mutlaq vazn toifasida musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan kurashchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollari bilan mukofotlanishi belgilab qo‘yildi.

Turnirning tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.Isroilov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi asoschi raisi K.Yusupov milliy qadriyatimiz kurash bugun dunyoning barcha mintaqasida jadal rivojlanib, nufuzi yuksalib borayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2 oktabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy kurashni mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada rivojlantirish va ommalashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Qator mamlakatlarda kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlar muntazam o‘tkazilayotgani, 2007-2008 yillarda Makao va Vetnamda o‘tgan II va III Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida, 2009 yili Tailandda Jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarida, 2014 va 2016 yillarda Tailand va Vetnamda o‘tgan Osiyo sohil o‘yinlarida, 2013 yili Janubiy Koreyada va 2017 yili Turkmanistonda o‘tkazilgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tgani, 2018 yili Indoneziyada bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgani hech mubolag‘asiz uning kelajak sporti sifatida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olishiga ishonch bag‘ishlaydi.

“Hisor” markaziy stadionida o‘tkazilgan nufuzli turnirda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan eng kuchli polvonlar erkaklar o‘rtasida to‘rtta, ayollar o‘rtasida esa ikkita vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

– Bu yilgi musobaqa dunyoning kuchli polvonlarini Shahrisabzga jam qilganiga guvoh bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Sh.Arslonov. – Bugun kurash butun dunyo sportiga aylangani bizlarni quvontiradi.

Hayajonga boy bellashuvlar, “Hisor” markaziy stadioniga yig‘ilgan kurash muxlislarining olqishiyu hayqiriqlari o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

– O‘zbekiston va Afg‘oniston madaniyati, milliy qadriyatlari bir-biriga o‘xshash. Shu bois o‘zbek milliy qadriyati – kurash ham Afg‘onistonda juda sevimli sport turi sifatida tobora rivojlanib, ommalashib bormoqda, – deydi Afg‘oniston kurash federatsiyasi bosh kotibi Sher Ali Asadiy. – Go‘zal va betakror Shahrisabz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan xalqaro turnirda qatnashish baxtiga muyassar bo‘lganimizdan xursandmiz.

– O‘zbekistonning go‘zal tabiati, betakror tarixiy maskanlari, shaharu qishloqlari, xalqingizning samimiyati va mehmondo‘stligi menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Buyuk Britaniya sportchisi Emili Krouford. – Musobaqaning tantanali ochilish marosimida namoyish etilgan xalqingizning boy madaniyati, milliy urf-odatlari va qadriyatlarini tomosha qilish katta zavq bag‘ishladi. Yurtingizda kurash bo‘yicha tashkil etilgan musobaqa men uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.

Mutlaq vazn toifasidagi polvonlar o‘rtasida o‘tgan final bellashuvida hamyurtimiz Sherali Jo‘rayev eronlik Jafar Pahlavoniyni mag‘lub etib, oltin medal bilan birga O‘zbekiston Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollariga ega bo‘ldi. Jafar Pahlavoniy ikkinchi, hamyurtimiz Ilhom Jo‘rayev va mo‘g‘ulistonlik Anar Dorch uchinchi bo‘ldi.

– Nufuzli turnirda g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi Sherali Jo‘rayev. – Bu kabi musobaqalar tajriba va mahoratimizni oshirishga, kurashning dunyoda yanada ommalashishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz sovrinini qo‘lga kiritganim kelgusida kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishimda yangi kuch bag‘ishlaydi. Finaldagi raqibim juda kuchli edi, ammo muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi va ishonchi g‘alaba qozonishimda muhim omil bo‘ldi.

Shuningdek, erkaklar o‘rtasida eronlik Ilyos Ali Akbariy, tojikistonlik Behruziy Hojizoda, Kamronshoh Ustapiryon, ayollar o‘rtasida Gulnor Sulaymonova va Gulnoza Matniyozova o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari Samarqand va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy yodgorliklar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan zamonaviy inshootlar bilan tanishdi.

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA