O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi hamda Qatar Davlati Sho‘ro Kengashining Oliy Majlis bilan do‘stlik guruhining videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis tomonidan Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi Nodir Jumayev, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi tomonidan Moliyaviy va iqtisodiy ishlar masalalari qo‘mitasining a’zosi, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashining Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi rahbari Ahmad bin Xitmi al-Xitmi ham raislik qildi.
Suhbat avvalida Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi a’zolariga mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘zaro munosabatlarni yangi pog‘onaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. Jumladan, N.Jumayev hamkorlik guruhi ikki davlat manfaatlari yo‘lida xizmat qilishi, davlat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlarida hukumat vakillari uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqishda asosiy bo‘g‘in bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Janob Ahmad bin Xitmi al-Xitmiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida keng qamrovli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda turli darajadagi muloqotlarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega.
O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston-Qatar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yangi mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini tobora kengaytirib borish xususida so‘z yuritildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanishi istiqbolda hamkorlikni yanada yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirishdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashildi.
M.Komilova, O‘zA