Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Janubiy Koreyada og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda.
Chempionatning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari dastlabki medallar shodasini qo‘lga kritdi.
Ayollar o‘rtasida 55 kilogramm og‘irlikda o‘tkazilgan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zosi Jamila Panfilova ikkita bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Hamyurtimizning dast ko‘tarishda qayd etgan 86 kilo, siltab ko‘tarishdagi 105 kilogramm ko‘rsatkichi har ikki yo‘nalishda bronza medallariga ega chiqishini ta’minladi.
Ushbu vazn toifasida qatnashgan yana bir og‘ir atletikachimiz Nigora Abdullayeva musobaqani to‘qqizinchi pog‘onada yakunladi.
“Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolarini taqdim etadigan mazkur chempionatda 35 ta davlatdan 250 nafarga yaqin sportchilar qatnashmoqda.
13 mayga qadar davom etadigan musobaqalarda yurtimizning 14 nafar sportchisi ishtirok etayotgan bo‘lsa, ular orasida Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarida munosib natijalarga erishib kelayotgan Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuruddinov, Adham Ergashev, Tursunoy Jabborova singari tajribali sportchilar bilan Diyorbek Ro‘zmetov, Sunnatilla O‘sarov, Qurbonmurod Nomozov kabi yoshlar ham qit’a chempionligi uchun kurash olib bormoqda.
Bugun, 7 may kuni 67 kilogramm vazn toifasida o‘tadigan bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Diyorbek Ro‘zmetov va Adham Ergashev supaga ko‘tariladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA