Dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha murakkab epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha o‘tgan 2022 yilda 620 ta o‘lat va 67 ta kuydirgi kasalliklari, 3 ming 68 ta Lassa isitmasi, 339 ta Ebola isitmasi, 446 ta Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar qayd etilgan. Xususan, o‘tgan yilda vabo kasalligi Afg‘oniston, Pokiston, Afrikaning bir qator davlatlari, Hindiston, Iroq, Xitoy kabi mamlakatlarda ro‘yxatga olingan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova shu xususidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishining oldi olinmoqda. Ammo amalga oshirilayotgan tadbirlarga qaramasdan, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha respublikaning tabiiy o‘choqli xududlarida o‘ta xavfli zooantraponoz, ya’ni hayvonlardan odamlarga yuquvchi yuqumli kasalliklar ro‘yxatga olinishi davom etmoqda.
Ayniqsa, fuqarolarimizda ushbu kasalliklar to‘g‘risida bilim yetarli emasligi oqibatida o‘tgan yillarda aholi o‘rtasida quturish, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kabi kasalliklar ro‘yxatga olindi. Ushbu kasalliklarning kelib chiqishiga oddiy qoidalarga rioya qilmaslik va e’tiborsizlik sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, quturish kabi kasalliklarning oldini olishda hududlarda obodonlashtirish tashkilotlari qoshidagi daydi xayvonlarni ovlash guruhlari tomonidan daydi hayvonlar, ayniqsa it va mushuklarning paydo bo‘lishiga yo‘l quymaslik zarur. Egasi ma’lum bo‘lgan it va mushuklarni saqlash qoidalariga amal qilish, ularni o‘z vaqtida veterinariya idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazib, quturish kasalligiga qarshi emlatish talab etiladi.
Hayvonlarning tishlashi natijasida olingan har qanday jarohatlar o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan, fuqarolarning turar joyi bo‘yicha tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan holda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, kerakli muolajalar olinishi talab etiladi. Ayniqsa, bunda quturishga qarshi emlash olish g‘oyatda muhimdir.
Shuningdek, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligini yuqtirib olmaslik uchun qoramollar tanasidagi kanalarni qo‘llar bilan terib olmaslik, qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kana qoni bilan teri ochiq joyining ifloslanishiga sabab bo‘lmaslik o‘ta muhim qoida sanaladi. Agar qoramollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilish, ularning tavsiyasi asosida qoramollar, ularni parvarishlash joyida kanaga qarshi ishlov berish kerak.
Ushbu kasallikka chalingan bemorlarni parvarishlashda o‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadi. Zaruriyat bo‘lganda faqat maxsus himoya kiyimlari kiygan holda muloqot qilishga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Kuydirgi kasalligining oldini olishda uyda parvarishlanayotgan, biror bir kasallik alomatlari bo‘lgan qoramollar bilan bevosita aloqada bo‘lmaslik zarur va bunday hollarda zudlik bilan hududdagi veterinariya vrachiga xabar berish kerak. Eng muhimi, uyda parvarishlanayotgan qoramollarni o‘z vaqtida kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish zarur.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA