Poytaxtimizda “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” Rivojlanish sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha quyi qo‘mitasining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Yevropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakda amalga oshirilishi belgilangan istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Unda 2 ta loyiha taqdimoti o‘tkazildi.
Xususan, “Innovatsion qishloq xo‘jaligi” (Smart Agriculture) pilot loyihasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tuproqning holatidan kelib chiqib talab etiladigan o‘g‘it miqdorini avtomatik tarzda aniqlash hamda o‘simlikning suvga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, sug‘orish va oziqlantirishni bir vaqtda inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshirish bo‘yicha hududlarda namunaviy tajriba uchastkalari tashkil etiladi.
Ikkinchi loyiha – “Iqlim o‘zgarishiga moslashish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish maqsadida yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanib, tog‘li hududlarda barqaror o‘rmon plantatsiyalarini yaratish” deb nomlanadi. Bu loyihada aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, bunda mavjud suv resurslaridan, xususan yomg‘ir suvlaridan samarali va oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali suv tanqisligining oldini olish asosiy maqsadlardan ekani ta’kidlandi.
Loyihani amalga oshirish orqali iqlim o‘zgarishi ta’siriga moslashgan barqaror o‘rmon plantatsiyalarini yaratish, daraxtlar o‘sishi va sog‘lom rivojlanishini ta’minlash uchun yomg‘ir suvlaridan foydalanishni optimallashtirish, biologik xilma-xillikni yaxshilash va ekotizim xizmatlarini ko‘rsatish kabi masalalar hal etilishi ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA