Byudjet qonunchiligiga amal qilish byudjet mablag‘larining samarali yo‘naltirilishi va sarflanishiga zamin bo‘ladi. Bu esa yurtimiz ravnaqi, aholi farovonligini ta’minlashda muhim omildir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda moliya tizimi barqarorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Bu esa, o‘z navbatida, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vazifalari va vakolatlarini amaldagi qonun hujjatlarida aks ettirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqib, ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Byudjet kodekslariga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi jinoyatlarni tergov qilish va byudjet qonunchiligi sohasida davlat organlarining vakolatlarini qonun hujjati bilan mustahkamlashga, qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan bir qator takliflar berildi. To‘plangan takliflar tahlil qilinib, loyihadagi normalar maromiga yetkazildi.
M.Komilova,
O‘zA