Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar temiryo‘l transporti bo‘yicha kengashning 81-yig‘ilishi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va “Qirg‘iz temiryo‘li” davlat korxonasi rahbari A.Sakiyev o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida yuk tashish hajmlarini oshirish va tarif chegirmalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida asosiy yuklar — ko‘mir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryo‘lkargo” AJ yuk-vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xo‘jaligi ob’ektlarini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida 2025 yil yozida “Toshkent-Baliqchi (Ribache)” yo‘nalishida turistik poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Bu yo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi hamda Issiqko‘l yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston temiryo‘l xodimlarining “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markazlarida malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilindi va ushbu yo‘nalishda o‘quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA