Xabar berganimizdek, poytaxtimizda boks bo‘yicha o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etish uchun yurtimizga bir qator xorijiy davlatlarning terma jamoalari yetib ketgan. Ushbu terma jamoalar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov u yerda bo‘lib, terma jamoalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Hindiston, Suriya kabi terma jamoalarning a’zolari bilan suhbatlashdi. Sparring janglarini kuzatdi.

Mamlakatimizda ilk bor kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bokschilarimiz avvalroq yurtimizga kelgan Kuba terma jamoasi bilan sinov janglarida qatnashgan edi. Bu gal esa Suriya hamda Hindiston jamoalari bilan mashg‘ulot janglari tashkil etildi.

Osiyo Olimpiya kengashi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyiha asosida tayyorgarlik ko‘rayotgan Suriya terma jamoasi a’zolari bilan muloqot davomida O‘zbekiston tomoni suriyalik bokschilarning kelgusi musobaqalarga hozirlik ko‘rishida yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 aprel-14 may kunlari tashkil etiladigan Jahon chempionatida 100 dan ortiq davlatdan 600 nafardan ziyod bokschi qatnashishi kutilmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA