Kecha bir qator Yevropa davlatlarining tulporlari Frankfurt – Toshkent yo‘nalishidagi maxsus havo reysida Toshkentga olib kelindi.
Ushbu otlar joriy yilning 21-23 aprel kunlari poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” majmuasida konkur bo‘yicha o‘tadigan Jahon kubogining Yevroosiyo ligasi bosqichida va 27-30 aprel kunlari Yevroosiyo ligasining Millatlar kubogi hamda “Maxsima Masters” turnirida ishtirok etadi.
Toshkent musobaqalarida qatnashadigan tulporlar bir necha kunlik tiklanish jarayoni, sanitar ko‘riklardan so‘ng mashg‘ulotlarga qo‘yiladi. Musobaqada Yevroosiyoning 11 mamlakati chavandozlari qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo ligasi bosqichlarida muvaffaqiyatga erishgan chavandozlar Jahon kubogi finalida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA