Qozog‘istonning Ostona shahri mezbonlik qilayotgan sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatida navbatdagi kun bellashuvlari yakunlandi. Kechki dasturdan o‘rin olgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
– 70 kilogramm vazn toifasining finalida gilamga chiqqan erkin kurashchimiz Zafarbek Otaxonov qozog‘istonlik Sanjar Dosanovga 0:2, -79 kilogramm vazn toifasining hal qiluvchi bahsida esa Bekzod Abdurahmonov boshqa bir qozog‘istonlik atlet Bolat Sakayevga 4:7 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa har ikki polvonimiz mazkur qit’a birinchiligini kumush medal bilan yakunladi.
Chempionatda terma jamoamiz hisobiga yozilgan yana bir bronza medaliga Maxsud Veysalov mualliflik qildi. -97 kilogramm vaznda uchinchi o‘rin uchun bahs olib borgan hamyurtimiz hindistonlik Dipak Dipakdan 12:9 hisobida ustidan keldi, – deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining to‘rtinchi kun bahslarida -57 kilogramm vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Laylo Sobirova kumush, -53 kilogramm vaznda Aktenge Keunimjayeva bronza, uchinchi kunida 50 kilogramm vazn toifasida Jasmina Immayeva kumush medal sohibiga aylangan, ikkinchi kunida esa – 67 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni mag‘lub etgan Abror Otaboyev oltin medal bilan taqdirlangan edi.
Osiyo chempionatining birinchi kunida esa O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Jumladan, – 63 kilogramm vaznning finalida kurashgan Shermuhammad Sharibjonov eronlik Imron Muhammadiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan, Ixtiyor Botirov (- 55 kilogramm) hamda Jalgasbay Berdimuratov (- 87 kilogramm) bronza medali uchun kechgan bahsni muvaffaqiyatli yakunlab, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishgandi.
O‘zA