Karib dengizi milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (CANOC) Xalqaro kriket kengashi (ICC) va Hindiston kriket ittifoqi (CWI) 2028 yili Los-Anjelesda o‘tadigan yozgi Olimpiya (LA28) o‘yinlari dasturiga kriket sport turini qo‘shish uchun sa’y-harakatni boshlaganligini rasman e’lon qildi.
Bu haqda insidethegames.biz sayti xabar berdi. Unga ko‘ra, CANOC Prezidenti Keyt Jozef kriketni yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishda “Los-Anjeles – 2028” olimpiadasi eng ajoyib imkoniyatligini, 2024 yil iyun oyida Qo‘shma Shtatlar va Karib dengizi davlatlari tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan erkaklar o‘rtasida kriket bo‘yicha T20 jahon chempionati ayni masalaning poydevori bo‘lishini ta’kidlagan.
Tashabbuskorlarning fikricha, joriy yilning 15-17 oktyabr kunlari Hindistonning Mumbay shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sessiyasida ham kriket sportini “Los-Anjeles – 2028” Olimpiadasiga kiritish masalasi kun tartibidan o‘rin oladi.
Shu o‘rinda aytish lozim, 2028 yili okean ortida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olish uchun kriketdan tashqari yana sakkizta sport turi da’vogarlik qilmoqda. Ular orasida avtosport, karate, breyk-dans, kikboksing, beysbol va softbolning mavjudligi sport turlari orasida Olimpiya tizimiga kirish uchun raqobat haddan tashqari shiddatli bo‘lishini anglatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, XXXIV yozgi Olimpiya o‘yinlari 2028 yilning 21 iyul-6 avgust kunlari AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadi.
T. RO‘ZIEV,
O‘zA