Qozog‘istonda sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatining to‘rtinchi kun dasturi yakunlandi. bugungi bahslar bilan ayollar kurashi bo‘yicha barcha vazn toifalaridagi bellashuvlar nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 1 tadan kumush va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

-57 kilogramm vaznda chempionlik uchun kurashgan Laylo Sobirova yaponiyalik Nanjo Sayega 4:11 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush bilan kifoyalandi. -53 kilogramm vaznda bronza medali uchun xitoylik Li Den bilan bahs olib borgan Aktenge Keunimjayeva 2:6 hisobida imkoniyatni boy berayotgan pallada kuchli iroda namoyish etib, bellashuvni 9:6 hisobida o‘z foydasiga hal eta oldi,– deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining uchinchi kunida 50 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Jasmina Immayeva kumush medal sohibiga aylangan, ikkinchi kunida esa – 67 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni mag‘lub etgan Abror Otaboyev oltin medal bilan taqdirlangan edi.

Osiyo chempionatining birinchi kunida esa O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Jumladan, – 63 kilogramm vaznning finalida kurashgan Shermuhammad Sharibjonov eronlik Imron Muhammadiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan, Ixtiyor Botirov (- 55 kilogramm) hamda Jalgasbay Berdimuratov (- 87 kilogramm) bronza medali uchun kechgan bahsni muvaffaqiyatli yakunlab, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishgandi.

O‘zA