Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari ishtirokida Mo‘ynoq tumaniga safar uyushtirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yildan buyon Orol dengizining suvi qurigan tubida yashil qoplamalar va himoya o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.  Mo‘ynoq tumaniga safar “Hokim ota” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Hokim ota – Sulaymon Baqirg‘oniy ziyorat majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi.

Talaba yoshlarga majmuaning tarixi bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar berildi.  Ko‘zlangan manzilga yetib borgandan so‘ng, filial jamoasi Orol dengizi tarixi muzeyida bo‘lib, u yerdagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Muzey tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Talabalar “Kemalar qabristoni” da bo‘lib, kema ko‘rgazmalarini tomosha qilish orqali Orol dengizi o‘tmishi va tarixi, uning bugungi holati bilan yaqindan tanishdilar.

Safarning ikkinchi kunida asosiy maqsadni amalga oshirish uchun Orol dengizining suvi qurigan tubiga saksovul nihollarini ekish ishlarida faol ishtirok etishdi. Bu ishda talaba yoshlarga shu yerdagi mutaxassislar yaqindan ko‘mak berib, saksovul nihollarini ekish tartibi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatib turishdi.

–Filial jamoasi bilan Mo‘ynoqga tashrifning bosh maqsadi hamjihatlikda shijoat ko‘rsatib, saksovul nihollarini ekish ishlarida o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat, – deydi filialning “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A.Qaniyazov. – Biz talabalarga bunday xayrli ishlarda o‘rnak bo‘lishimiz va ularni ham ezgu ishlarga boshlashimiz kerak, deb o‘ylayman. Tadbir davomida iqtidorli talabalar tomonidan qoraqalpoq milliy kuy va qo‘shiqlari mahorat bilan ijro etilib, katta qiziqish bilan kutib olindi. Ko‘chat ekish davomida mana shunday iliq atmosfera yaratildi.

Yoshlar Orolbo‘yiga safari davomida ekologik muammolarni bartaraf etish va dengiz tubidan ko‘tariladigan tuz va qumni to‘xtatib tura oladigan saksovul ko‘chatlarini ekish singari xayrli ishda yelkadosh bo‘lib, o‘z hissalarini qo‘sha olganidan mamnun bo‘lishdi. Shuningdek, ular sayohatdan zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘layotgan va yangilanayotgan Mo‘ynoq haqida keng taassurotlar bilan qaytdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri