Mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Akыlbek Japarov boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan tanishdi. Tashrif doirasida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli hamkorlik borasida muloqotlar olib borildi.
Xususan, delegatsiya a’zolari Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile infinity” to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar “Fergana global textile” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi ushbu to‘qimachilik korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonlari, eng ilg‘or texnologiyalar va sifat laboratoriyalari, ishchi-mutaxassislar uchun yaratilgan qulay sharoitlarni alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, korxonada paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Shu tariqa xomashyo yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratildi. Bu yerda qurilish-bunyodkorlik, jihozlash ishlari uchun 132 million yevro investitsiya kiritilib, Shveysariya davlatidan eng so‘nggi rusumdagi uskunalar olib kelib o‘rnatildi.
Zamonaviy korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2023 yilda Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada barcha ishlab chiqarish jarayonlari dunyoning eng ilg‘or standartlari asosida tashkil etilmoqda.
Delegatsiya a’zolari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish asnosida sifat laboratoriyasida ham bo‘lib, bu yerdagi qulay sharoitlar jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berishini ta’kidlashdi. O‘z navbatida qardosh yurt vakillariga korxona mutaxassislari tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan paxtachilik-to‘qimachilik klasterlarining keng qamrovli faoliyati, paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ish jarayoni xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi a’zolariga korxonada Yevropa standartlariga mos mahsulotlar tayyorlashning muhim jihatlari bo‘yicha ham aytib o‘tildi. Bu yirik loyiha bir nechta bosqichlarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi birinchi bosqichda fabrikada 1 ming 500 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi. Shu kunlarda bu yerda to‘qima mato ishlab chiqarish maqsadida yangi loyiha hayotga tadbiq etilishiga kirishilmoqda. Loyiha doirasida viloyatning Uchko‘prik tumanida ip-kalava va mato tayyorlash hamda paxtani qayta ishlash korxonalari tarmog‘i ham foydalanishga topshiriladi. Bu klaster korxonalarida jami ish o‘rinlari sonini qariyb 5 mingtaga yetkazish imkonini beradi.
Klaster korxonasi qoshida o‘quv va kasanachilik markazi ham tashkil etilgan. Hozirda bu yerda korxona uchun zarur 4 ta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Muloqotlar jarayonida ishonchli, do‘stona hamkorlik aloqalarini zamonaviy mezonlar asosida yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi hamda bir qator takliflar ilgari surildi.
Delegatsiya a’zolari Farg‘ona tumanida joylashgan “Ekokerama” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Santexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mazkur korxonaning eksport salohiyati yuqori. Mehmonlar buni alohida e’tirof etib, korxonaning ertangi istiqboli yuksakligini ta’kidlashdi. Ayni paytda 400 nafarga yaqin ishchi-mutaxassislar mehnat qilayotgan korxonada yiliga 500 ming dona 27 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili korxona tomonidan 2 million dollarga yaqin mahsulotlar dunyoning o‘nlab davlatlariga eksport qilindi.
Korxonadagi ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishish chog‘ida qardosh xalq delegatsiyasi a’zolariga Yevropa standartlari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan va asosan xorijga eksport qilinayotgan santexnika mahsulotlarining tayyorlanish jarayoni haqida to‘liq ma’lumot berildi.
Muloqotlar davomida o‘zaro hamkorlikda bu kabi istiqbolli loyihalarni Qirg‘iziston hududida barpo etish bo‘yicha ham taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Qirg‘iziston delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Achilbay Ramatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qildi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat