Shu kunlarda Mongoliya tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvidan so‘ng martabali mehmon yetakchi mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi:

— O‘zbekiston va Mongoliya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil bo‘ldi. Shunga qaramasdan, hali mamlakatimizning hech bir tashqi ishlar vaziri yurtingizga kelmagan edi. Shu bois, dastlab, ilk shunday tashrifni amalga oshirganimdan behad mamnunligimni izhor etmoqchiman.

Bugun hamkasbim janob Saidov (O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov – tahririyat) bilan juda sermahsul, muvaffaqiyatli muzokara o‘tkazdik, deb bemalol ayta olaman. Avvalo, biz – butun delegatsiya a’zolari ajoyib va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildiramiz.

Aslida, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik salohiyati juda yuqori. To‘g‘risi, bizda muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan barcha masalalarni to‘liq qamrab olishga vaqt yetmay qoldi.

Birinchi navbatda davlatlarimiz rahbarlarining o‘tgan yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida kechgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlar ijrosini tahlil qildik. Bu jarayondagi eng muhim masalalardan biri O‘zbekiston Respublikasi va Mongoliya o‘rtasida Hukumatlararo komissiyani tuzish. Mazkur rejani biz aynan ushbu tashrif davomida e’lon qilish va bu haqdagi tegishli hujjatni imzolash niyatidamiz.

Sherikligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri sanalgan qishloq xo‘jaligi va agro sanoat majmuasi sohasida, jumladan, teri, jun, kashemir, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqdik. Umuman, ishonchimiz komilki, iqtisodiyot tarmoqlari orasida o‘zaro manfaatlarimiz kesishmaydigan sohani topish qiyin.

Albatta, gumanitar hamkorlikning  madaniyat, sport, turizm kabi boshqa qator yo‘nalishlari ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q.

Tabiiyki, muloqot davomida dunyoviy kun tartibiga ham to‘xtaldik. Bu borada yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardagi hamkorlik, xususan, mazkur tuzilmalar doirasida bir-birimizni qo‘llashga qaratilgan an’anaviy yondashuv va qarashlar tasdiqlandi.

Endi ushbu muzokarada ko‘tarilgan masalalarni hal etish uchun tinmay ishlashimiz kerak. Oldimizda o‘ta muhim, dolzarb vazifalar turibdi-ki, ayni jarayon har ikki tomondan uzluksiz va samarador sa’y-harakatni talab etadi.

Masalan, ikki mamlakatning yirik delegatsiyalari ishtirokida Iqtisodiy forum o‘tkazish kutilyapti. Shuningdek bu yil Mongoliyada tashkil etiladigan Investitsiya forumiga mamlakatingiz vakillari ham taklif qilindi.

O‘zaro manfaat to‘qnashadigan yana bir nuqta, shubhasiz, turizm. Ma’lumki, o‘tgan yil davlatlarimiz vizasiz tartib joriy etilishi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu har ikki tomonga fuqarolarimiz erkin kirib-chiqishini ta’minlaydi.

So‘zim oxirida butun o‘zbek xalqiga eng ezgu tilaklarimni bildirmoqchiman. Qolaversa, shunday ajoyib kunda 8 mart – ayollarimiz bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning barcha xotin-qizlarini muborakbod etib, ularga baxt-saodat, omad tilayman.

G‘ayrat Xonnazarov,

Nosirjon Haydarov (foto), O‘zA