Bojxona qo‘mitasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilganlarni qutlar ekan, qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda bojxona organlarida xizmat qilib kelayotgan 400 nafarga yaqin xotin-qizlar alohida o‘rin tutishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 2024 yilgacha bojxona organlari tizimida ayol xodimlar ulushini kamida ikki baravarga oshirish tashabbusi bugun hayotda o‘z ifodasini topmoqda.

Hozirda bojxona organlarida salkam 20 nafar rahbar ayollar xizmat qilmoqda. O‘tgan qisqa davrda 21 nafar bojxonachi ayollar yuqori lavozimlarga ko‘tarildi, 130 nafariga maxsus unvonlar berildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara bojxona postlarida xizmat olib borayotgan bojxonachi ayollar 2022 yilda va joriy yilning o‘tgan davrida 1,1 mingdan ziyod bojxona qonunbuzarliklarini fosh qilib, 41 mlrd. so‘mdan ziyod noqonuniy tovarlarni aniqladi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan bojxonachi ayollar hamisha davlatimiz rahbarining yuksak e’tiborida.

Bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Xo‘jayli” chegara bojxona posti katta inspektori Lola Rasulova “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangani fikrimiz tasdig‘idir.

Shuningdek, Bojxona qo‘mitasida 20 yildan beri xizmat qilib kelayotgan bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Mahkamova esa 8 mart arafasida “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda tizimda xizmat olib borayotgan 140 nafar ayol maxsus unvon, esdalik nishonlari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

O‘zA