Turkiyaning “Haber7.com” sayti sahifasida jurnalist Gungor Yavuzaslan qalamiga mansub “Dunyo tarixiy burilish pallasida” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlaridan birida insoniyat ayni payt “tarixiy burilish pallasida” ekani, dunyo taraqqiyotning bir bosqichidan yangi bosqichiga o‘tayotgani, shuningdek, bu davr oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada mavhum voqeliklarga boy bo‘lishi haqidagi fikri bayoni bilan boshlanadi.

Muallif yozishicha, davlatimiz rahbarining ayni fikri pandemiya oqibatida vujudga kelgan, ko‘lami kengayib borayotgan mintaqaviy va global nizolar bilan to‘lib-toshgan bugungi kun manzarasini yaqqol ifoda etmoqda.  Materialda mamlakatimiz tashqi siyosati yangi bosqichga ko‘tarilgani mintaqaviy integratsiya, hamkor va qo‘shni davlatlar bilan ittifoqchilik munosabati o‘rnatilishida yorqin namoyon ekani qayd etilgan.

“Davlat rahbarining tashqi siyosat strategiyasi bugungi kunda ham muvaffaqiyatli tarzda hayotga tatbiq etilmoqda, deb yozadi muallif. Binobarin, AQSH Prezidenti Jo Baydenning Shavkat Mirziyoyevga yozgan maktubida “Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish jarayonida o‘zaro munosabatni rivojlantirish tarafdori ekanligingizni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman”, degani O‘zbekistonning mintaqaviy muvozanatni saqlashdagi xizmati global miqyosda sezilayotganidan dalolat”.

So‘nggi to‘rt yil ichida mintaqa davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 25 foiz o‘sib, qiymati 300 milliard dollardan oshgan. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash miqdori 2,6 barobar o‘sib, qiymati 6 yarim milliard dollarga yetgani ham o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

“Diqqatga sazovor jihati shundaki, kelajakda bu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan ortishi kutilmoqda”, deb yozadi muallif. Shuningdek, mamlakatimizda chegara muammolari hal etilishi mavzusi, respublikamizning raqobat va hamkorlik modeliga oid muhim ma’lumotlar ham atroflicha qalamga olingan.

O‘zA