Inson huquqlari sohasidagi ta’lim  inson huquqlari madaniyatini yaratish maqsadida o‘qitish va qonun-qoidalardan xabardor qilish vositasi  sifatida ta’riflanadi. Bu 2004 yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida umumjahon dasturida o‘z ifodasini topgan.

Ma’lumki, 1995 yildan 2004 yilgacha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim berishning 10 yilligi deb e’lon qilingan edi. Inson huquqlari sohasidagi ta’limga taalluqli qoidalar ko‘pgina xalqaro hujjatlarda, shu jumladan, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, bola huquqlari, xotin-qizlarga nisbatan hamda irqiy kamsitishning barcha shakllariga  barham berish to‘g‘risidagi xalqaro  konvensiyalarda o‘z ifodasini topgan.

Inson huquqlari sohasidagi ta’limning maqsadi inson huquqlari madaniyati dunyosini yaratishga yo‘naltirilgan. Bu har bir insonning huquqi va ana shu huquqlarning o‘zi  ham hurmat qilinishini nazarda tutadi.  Odamlar o‘zlarining huquqlari va majburiyatlarini bilishi bilan bir qatorda boshqalarning  inson huquqlarini himoya qilishlari ham talab qilinadi. Inson huquqlari, shuningdek, milliy til va udumlarni, san’atni,  o‘z  vataniga sadoqatni hurmat qilish demakdir.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim umumjahon dasturining birinchi bosqichida boshlang‘ich va o‘rta ta’lim muassasalarida inson huquqlari sohasida ta’lim berildi. Dasturning ikkinchi (2010-2014 yillar) va uchinchi (2015-2019 yillar) bosqichlarida oliy ta’lim tizimi, fuqarolik jamiyati institutlari, davlat, huquqni himoya qilish organlari xodimlari, harbiy xizmatchilar o‘qitildi. Shu bilan birga,  ommaviy matbuot axborot vositalarining erkinligi  va mustaqilligi muhimligi hisobga olingan holda  OAV vakillarini inson huquqlari sohasida  tayyorlash amalga oshirildi.

Hozirgi paytda BMT umumjahon dasturining to‘rtinchi bosqichi (2020-2024 yillar) davom etmoqda. Bu bosqichda asosiy e’tibor yoshlarga ta’lim berishda tenglik, inson huquqlarini amalga oshirish, kamsitmaslikka e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, dasturga muvofiq 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kasbiy va umumiy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Xotin-qizlar huquqlari”, “Bola huquqlari”  bo‘yicha ta’lim berish  yuzasidan  maxsus kurslar  tashkil  etiladi.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bilim berish bilan bir qatorda  bu huquqlar qanday kafolatlanishi va himoya qilinishini ham ko‘zda tutadi. Shuningdek, bu ta’lim inson huquqlarining qadriyatlari, fuqarolarning erkinliklari, ularning o‘z fikrlarini bildirish  huquqlarini ham qamrab olgan.  U shuningdek, ta’lim oluvchilarni inson huquqlari qadriyatlarini e’zozlash va himoya qilishga o‘rgatadi.

Inson huquqlari sohasidagi ta’limni amalga oshirishning vositalari juda ko‘p, bunda  odamlar dunyoni turlicha tasavvur etishlari, o‘qituvchilar esa turli tashkilotlarda turli vaziyatlarda ish olib borishlarini hisobga oladi. Shu bilan bir qatorda inson huquqlari barcha mamlakatlardagi hamma uchun bir xil ekanligini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Ular ajralmas, bo‘linmas, o‘zaro bog‘liq holda muhimdir.

O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida ta’limni takomillashtirish bo‘yicha muhim choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha magistrlar dasturini amalga oshirish uchun huquqshunoslik maktablarining uyushmasi tashkil etildi. Uyushmaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti kirgan. Inson huquqlari sohasida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadlarida ushbu yo‘nalishda “Inson huquqlari” ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ham tashkil etildi.

Aholi o‘rtasida umuminsoniy qadriyatlar va inson huquqlarini himoya qilish, ularga amal etish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishlarini ta’minlash maqsadida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim muassasalarini jalb etish muhim  ahamiyat kasb etmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlarining faol vakillarini rag‘batlantirish maqsadida   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori  bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U har yili Xalqaro inson huquqlari kuni – 10 dekabrda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xizmatlar uchun beriladi.

Umuman, mamlakatimizda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga amal etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Dastur doirasida yoshlarning, davlat organlari xodimlarining, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari sohasida xabardorligini, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini, zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirish, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida BMT shafeligida yoshlar huquqlari bo‘yicha umumjahon konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi asosida 2022 yil 5-6 dekabrda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” global forumi o‘tkazilib, anjumanda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi (2023-2025 yillar) qabul qilindi.

Milliy dasturni amalga oshirishda davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, sudlar va huquqni himoya qilish organlari, ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etmoqda.  Bu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilinmoqda. Ta’lim berishda   “Inson huquqlari”,  “Yoshlar huquqlari”, “Xotin-qizlar huquqlari”, “Bola huquqlari” ta’lim va maxsus kurslari joriy etilgan..

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga  muvofiq 20-28 fevralda mamlakatimizda Inson huquqlari haftaligi o‘tkazildi. Bu ommaviy tadbir Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan davlat hokimiyati organlari, muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida uyushqoqlik va katta qiziqish bilan o‘tkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi sheriklari bilan birgalikda inson huquqlari haftaligi davomida turli uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etdi.

Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik tashabbusi bilan mamlakat yoshlari o‘rtasida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” xeshtegi tashkil etilib, u keng yoritib borildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz mamlakatimizdagi kutubxonalarga inson, xotin-qizlar, nogironlar huquqlari bo‘yicha kitoblarni, “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumidagi risolalar, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” yangi sonlarini bepul taqdim etdi.

“Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda Inson huquqlari va umumjahon deklaratsiyaning 75 yilligi va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan “Inson huquqlari bola nigohida” respublika tanlovi e’lon qilindi. Tanlovning birinchi bosqichi Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni  – 1 iyunda yakunlanadi. Ikkinchi bosqich g‘oliblari esa 10 dekabr – Inson huquqlari kunida aniqlanadi.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari haftaligi chet el ommaviy axborot vositalarida ham yoritib borildi. Ispan tilida chiqadigan «El Mundo Financiero» yetakchi xalqaro onlayn nashrda “O‘zbekistonda Inson huquqlari haftaligi” maqolasi e’lon qilindi. Unda haftalik doirasida inson huquqlari sohasidagi umumjahon ta’limi to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha milliy komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tilganligi qayd etilgan. Nashrda ushbu majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Oliy sud va Bosh prokuratura vakillari, vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, fuqarolik jamiyati institutlari  faollari ishtirok etganligiga urg‘u berilgan.

Latviyaning «LETA» axborot agentligi portalida ham “O‘zbekistonda Inson huquqlari haftaligi” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi. Unda haftalik Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan davlat hokimiyatining markaziy va mahalliy organlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotganligi ta’kidlanadi.

Erkin ERNAZAROV,

             O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

O‘zA