Joriy yilning 23-24 fevral kunlari Italiyaning Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari bo‘yicha o‘tkazilayotgan «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» yuqori darajadagi 7-konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi tabiat resurslari vaziri A.Abduhakimov va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Tomas Loran o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida FAOning iqlim o‘zgarishiga moslashish, yerlarning degradatsiyasi, ekinlar va biologik xilma-xillik yo‘qolishiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalari muhokama qilindi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Tomas Loran O‘zbekiston keyingi yillarda mintaqada muhim tashabbuslarni ilgari surib, Global ekologik jamg‘arma (GEF) mablag‘larini jalb etgan holda grant loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etganini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining Orol dengizi ekologik falokati oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslari e’tirof etilgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, FAO bilan birgalikda Global ekologik jamg‘armaning umumiy qiymati 25,2 million dollar bo‘lgan 5 ta loyihasi amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Global ekologik jamg‘arma 8-moliyalash davri (2022-2026 yillar) doirasida 6,4 million dollar miqdoridagi loyiha konsepsiyasini ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar Global ekologik jamg‘armaning global taqsimoti doirasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, shuningdek, turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Yig‘ilish so‘ngida FAO vakillari joriy yilning kuzida Samarqand shahrida BMTning cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish, shuningdek, ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlash bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirlariga taklif etildi.

O‘zA