Nukusda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashkil etilganligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning shahar va tuman Kengashlari raislari, “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi N.Qaipbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari D.Qurbaniyazov so‘zga chiqib, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtiroki, uning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda samarali faoliyat yuritayotgan deputatlar, partiya faollarining sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan ta’kidladi va barchani bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini qurish jarayonida siyosiy partiyalar faoliyatiga yuksak e’tibor qaratilib, ularga qator imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 1995 yil 18 fevralda tashkil etilgan bo‘lib, jamiyatda ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida fuqarolarimizning siyosiy faolligini ta’minlash yo‘lida salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan siyosiy kuch hisoblanadi.

Partiya dasturiy vazifalarning ijrosini ta’minlash va hayotga tatbiq etish orqali xalq bilan bevosita muloqotlar o‘rnatishning yangicha yondashuvi joriy etilib, o‘z o‘rnida fuqarolarning muammolarini hal etishda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida jamiyatda ayollar va yoshlarning salohiyatini yuzaga chikarish orqali ularning o‘rni va mavqeini har tomonlama orttirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda partiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatgan bir guruh deputatlar, shahar va tuman Kengashi raislari, partiya “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” a’zolariga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taqdirlanganlar nomidan xalq deputatlari Chimboy tumani Kengashi deputati F.Palvanova, partiya “Yoshlar qanoti” a’zosi, “Adolat” ko‘krak nishoni sohibi I.Ayimbetov so‘zga chiqib, bildirilgan ishonch partiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda yanada mas’uliyat yuklashini ta’kidlashdi.


Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA