BMT tabiiy ofatlar oqibatini baholash va muvofiqlashtirish guruhi (UNDAC) xodimi Vinston Chang Turkiyadagi zilzilaga “misli ko‘rilmagan”, deya ta’rif berdi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar beradi.
– Bu hodisani faqat 2004 yil Hind okeanida 220 ming kishini halok qilgan sunami bilan solishtirish mumkin, – deyiladi axborotda. – Biz jiddiy qiyinchilikni yengib o‘tishimiz kerak, xususan, qishning sovug‘ini. Suriyaga kirish taqiqlangani, vayron bo‘lgan yo‘llar va boshqa xavflar mavjud. Bularning bari jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni yanada qiyinlashtiradi.
Gap 50 ming kvadrat kilometr maydondagi vayronagarchilik haqida ketyapti.
– Hozircha olti ming bino qulagani aniq, – fikrini davom ettirdi mulozim. – Hisob-kitob hali davom etyapti. Tabiiy ofat ertalab soat 4:17 da sodir bo‘lgan. Aksariyat aholi bu vaqt qattiq uyquda bo‘lgan. Demak, juda ko‘p odam hanuz “tosh qop”da yoki vayrona ostida bo‘lishi mumkin. Barcha harakatimiz ularni topishga qaratilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiysiga ko‘ra, ofat hududidan mo‘’jizaviy qutqaruv holatlari haqida ma’lumot kelishi davom etmoqda. Bu bizga umid baxsh etadi. Qutqaruvchilar to‘xtab qolish niyatida emas va BMT jamoasi ham ularga yordam bermoqda. Yevropa Ittifoqi bilan qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilgan. Biz anchadan beri bunday miqyosdagi birdamlikni ko‘rmagan edik, dedi tashkilot vakili.
G.Sattorova, O‘zA