Qirg‘iziston Oliy sudi kriminal shaxs Aziz Batukayevni ozod qilish bilan bog‘liq, sobiq prezident Almazbek Atamboyev sudlangan jinoiy ishni qayta muhokamaga jo‘natdi. Bu haqda “RIA Novosti” yozgan.

Xabarda kollegiya qaroridan “Advokatlar Sergey Slesaryov va Zamir Jooshevning Almazbek Atamboyevga oid holat bo‘yicha ish yuritishni yangi xulosalar bo‘yicha qayta boshlash haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilishi kerak”, tarzidagi iqtibos keltirilgan. Ushbu hujjat bilan Oliy sudning 2021 yil 12 oktyabr va 2022 yil 15 martdagi ajrimlari ham bekor qilingan. Bu qarorlar quyi sudlarning Atamboyevni Batukayev ishi bo‘yicha ayblash to‘g‘risidagi hukmini kuchda qoldirgan. 2006 yil Batukayev Bishkek chekkasidagi koloniyada tartibsizlik uyushtirganlikda ayblanib, 16 yil-u 8 oyga qamalgan edi. To‘polon chog‘ida deputat Tinichbek Akmatboyev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Iqmatulla Po‘lotov va parlamentning ikki deputati halok bo‘lgan. 2013 yil Batukayev tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra qamoqdan ozod qilindi va unga qon saratonining oxirgi bosqichi tashxisi qo‘yildi. Bir necha soatdan keyin esa yangi pasport oldi va mamlakatni tark etdi.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchining qo‘yib yuborilishida yuqori martabali amaldorlar, jumladan, sobiq prezident Atamboyev ham ishtirok etgan. Ularga “uyushgan jinoiy guruh manfaatini ko‘zlab korrupsiya tashkil qilish” aybi qo‘yilgan.

Bishkek shahri Pervomayskiy tumani sudi 2020 yil 23 iyun kuni Atamboyevni Batukayevni ozod qilish bilan bog‘liq korrupsiya holatida ayblab, ozodlikdan mahrum qildi. 2020 yil 14 avgust kuni Bishkek shahri sudi qarorni kuchida qoldirdi.

2020 yil noyabrda mamlakat Oliy sudi tuman va shahar sudlari xulosasini bekor qildi va ishni ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiyaga yubordi. Keyinroq Oliy sud o‘z qarorini bekor qildi va ayblov hukmini tikladi.

Qirg‘iziston eng yirik – Sotsial-demokratlar partiyasi rahbari Atamboyev 2017 yil prezident saylovidan so‘ng hokimiyatni vorisi va eng yaqin ittifoqchisi Sooronboy Jeyenbekovga topshirgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, sobiq prezident jamoasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Atamboyev sobiq prezident maqomidan mahrum qilindi va og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblandi. Atambayev o‘ziga va sheriklariga qo‘yilgan barcha ayblovlar siyosiy xususiyatga ega ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

G.Sattorova tayyorladi.

O‘zA