Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2023 yilgi davlat dasturiga oid Prezident farmoni loyihasida qayd etilishicha, 2023 yil 1 martdan boshlab nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib ularning ishtirokisiz belgilanadi.
Natijada yillik 27 ming nafar fuqaro (25 foiz) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormaydi va ularga nogironlik sirtdan belgilanadi. Nogironlikni belgilashda davolash muassasalaridan kasallik tarixi ko‘chirmalari elektron qabul qilinadi hamda ushbu ma’lumotlar asosida nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
Shuningdek, 2023 yil 1 martga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi loyihasi kiritilishi mumkin. Unda fuqarolarning mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasidan kelib chiqib nogironlikni belgilash amaliyotidan voz kechilib, uning o‘rniga jahon standartlari asosida nogironlikni belgilashga hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va ularning sog‘lig‘ini qayta tiklashga e’tibor qaratiladi.
Mustaqil harakat qilish imkoniyati bo‘lmagan shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarga (jamoat va ishlab chiqarish binolariga, sog‘liqni saqlash va sport ob’ektlariga, madaniyat va tomosha muassasalariga) moneliksiz kirishi uchun qulay sharoitlar yaratilishi belgilangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan foydalanishi, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratishga e’tibor qaratiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA