O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganidan xabaringiz bor.

Loyihada keltirilishicha, 2023 yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi.

Buning natijasida, maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishda bino va inshootlar tanqisligini bartaraf etish imkoni yaratiladi. Masalan, bitta 150 o‘rinli davlat bog‘chasini qurish uchun o‘rtacha 6 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Bundan tashqari, yangi bog‘chani qurish uchun yer masalasi og‘irligicha qolmoqda. Shu bilan birga, bitta 3 xonali kvartirada 25 nafar bola uchun bog‘cha tashkil qilish mumkin. 150 nafar bola uchun 6 ta kvartirani xarid qilish va jihozlashga o‘rtacha 4 milliard so‘m talab etiladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yishga oid cheklovlar bekor qilinadi.

Natijada, maktabgacha ta’lim bilan qamrovni oshirishda xizmat qilayotgan va zarur moliyaviy resurslarga muhtoj bo‘lgan 594 ta tadbirkorga qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.

Ma’lumot uchun, mazkur farmon yuzasidan jamoatchilik muhokamalari joriy yil 17 fevralga qadar davom etadi.

O‘zA