Sog‘liqni saqlash sohasi, deganda aksariyat hollarda shifokorlarni tushunamiz. Sir emaski, tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar ko‘proq sodir etilishi monitoringlarda aniqlangan. Biroq, tahlillar korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urayotgan shaxslarning aksariyati shifokor yoki boshqa tibbiyot xodimlari emas, balki rahbar va ma’muriy boshqaruv xodimlari, ya’ni mansabdorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2022 yil davomida soha xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismi xodimlarning ish haqlarini o‘zlashtirish, ishga kiritish yoki ish soatini ko‘paytirish, davlat xaridlari, tibbiyot muassasalariga tegishli mol-mulklar va byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, tibbiy muolajalar uchun pora olish kabi holatlar bilan bog‘liq.

Bular orasida esa tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash hamda ularga ish haqlarini hisoblash bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan shaxslar soni sog‘liqni saqlash tizimdagi jami jinoyat sodir etgan shaxslarning deyarli 50 foizini tashkil etgan.

Demak, tizimdagi ma’muriy boshqaruv xodimlarning malakasini oshirish, ishga qabul qilishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish muhim.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasining ijro etilishi: mavjud muammo va rejalar» mavzusida tashkil etilgan muloqotda shular haqida fikr yuritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan tadbirda «Korrupsiyasiz soha» loyihasining ijro etilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya ko‘p uchrayotgan va xodimlari aholi bilan ko‘p muloqotga kirishuvchi sohalarda mas’ul vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish jarayonida tizimdagi korrupsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun «1203» qisqa raqamli «ishonch telefoni» va Call-markaz ishga tushirildi.

Davlat tibbiyot muassasalarida byudjet mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berishni to‘liq elektron shaklda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi.

O‘ndan ortiq xizmat turlari to‘la elektron shaklga o‘tkazilib, davolash-profilaktika muassasalarining tasdiqlangan pullik xizmatlari miqdori vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi ta’minlandi.

Sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 26 mingdan ortiq targ‘ibot material tayyorlanib, 3 mingdan ziyod tibbiyot muassasasi, oilaviy poliklinika va shifoxonalarning kirish joylariga joylashtirildi hamda «Sog‘liqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma» tayyorlanib, tizim xodimlariga tarqatildi.

Muloqot davomida ommaviy axborot vositalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, xususan, Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashi vakillari sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yo‘nalishlari to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida sohada korrupsiyani bartaraf etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlashga oid vazifalar aks etgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Bayonotda amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda jamoatchilikka taqdim etib borish va muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish, ishga qabul qilish yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish kabi yo‘nalishlarda muhim vazifalar belgilandi.

Shuningdek, vazirlikning rasmiy veb-saytida tizimdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni aks ettirib borish, tibbiyot xodimlariga mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tibbiyot muassasalari band qilingan va bo‘sh turgan o‘rin (joy) haqida onlayn ma’lumot beruvchi elektron platformani ishga tushirish, sohani raqamlashtirish masalalari o‘rin oldi.


N.Abduraimova, O‘zA