Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlar orasida harbiy xizmatga va harbiy kasbga bo‘lgan qiziqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini yanada oshirish, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga imtiyoz tizimini takomillashtirish maqsadida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy qism ko‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga asosan respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishda imtiyoz yaratish tizimi joriy etilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo‘ldoshev ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 26-31 yanvar kunlari Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 tadan iborat bo‘lib, test sinovlarini o‘tkazishning umumiy vaqti 3 soatni tashkil etadi.

Tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilish uchun har bir muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari, namunali harbiy intizomi va o‘quv fanlaridan qo‘yilgan yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi yig‘indisi jamlanadi. Xizmat mobaynida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qat’i nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.

Tavsiyanoma olgan muddatli harbiy xizmatchilar respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga, respublikaning oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Taqdim etilgan tavsiyanoma uch yil mobaynida amal qiladi.


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA