Turkmaniston Xalq kengashi (parlamentning yuqori palatasi) raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish va bir palatali parlamentga qaytish hamda Xalq maslahatini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda “Turkmaniston: oltin asr” nashri xabar berdi.
Sobiq prezident bu taklifni parlamentning ikki palatasining qo‘shma yig‘ilishida ilgari surdi. U bu taklifni “qonun chiqaruvchi hokimiyatni zamonning real ehtiyojlaridan kelib chiqib takomillashtirish zaruriyati” bilan izohladi.
Katta Berdimuhamedovning fikricha, Xalq maslahati tarkibiga o‘zi, mamlakat prezidenti, Majlis raisi va deputatlar, Oliy sud raisi, Xavfsizlik kengashi kotibi, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, Ombudsman, Bosh prokuror, viloyatlar rahbari va jamoatchilik vakillari kiradi.
So‘zga chiqqan barcha parlament a’zolari Berdimuhamedovning g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatladilar, deyiladi xabarda.
Palatalarning navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi 21 yanvarda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.
Turkmaniston Konstitutsiyasi qabul qilingan 1992 yildan beri 1995, 1999, 2003, 2006, 2008, 2016 va 2020 yillarda o‘zgartirishlar kiritilgan.
O‘zA