Bugun – 9 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkekda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Sadir Japarov raislik qilgan tadbirda Rossiya yetakchisi Vladimir Putin, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etgan.

Sammit kun tartibidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faoliyatiga oid masalalar, integratsiya jarayonini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘riqnomalar, tovar va xizmatlarning yagona bozori faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin oldi.

Prezidentlar, shuningdek, YeOII ichki bozoridagi to‘siqlarni bartaraf etish, Hamdo‘stlik hududida umumiy gaz bozorini shakllantirish va BAA bilan erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash masalasini ham muhokama qildi.

Kuzatuvchi davlatlardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel videoaloqa orqali yig‘ilishda qatnashgan.

Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirni 80 ga yaqin mahalliy va 150 ga yaqin xorijiy jurnalistlar yoritib borgan.

Dastlab davlatlar rahbarlari tor doirada yig‘ilish o‘tkazgan. Kengaytirilgan tarkibda o‘tgan uchrashuv chog‘ida Prezident Sadir Japarov YeOII mamlakatlari rahbarlari koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon birinchi marta majlis tashkil etilganini alohida qayd etgan.

O‘zA