Dushanbe, 10-mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 10-mart kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisi Shukurjon Zuhurovni qabul qildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy qadamlar tashlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi g‘oyat samarali kechayotgani, tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha yakdil kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Ayniqsa, davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va fuqarolarning o‘zaro qatnoviga qulaylik yaratishga oid bitim mamlakatlarimiz munosabatlari, xalqlarimizning do‘stona aloqalariga zamin bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Avtomobil va temir yo‘llarning ochilgani, Ishbilarmonlar kengashi tuzilgani ham bu borada muhim o‘rin tutadi.
Shukurjon Zuhurov bilan suhbatda oliy darajada imzolangan hujjatlarni ratifikatsiya qilish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Qonun chiqaruvchi organlardagi do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, o‘zaro tashriflar va tajriba almashuvni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz tomonlarning hamkorlikka oid muloqotlari muntazamlik kasb etishi yo‘lida muhim qadamlar tashlanganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish uchun yurtimizga taklif qildi.