O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-yanvardagi “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Prezidentimizning kam hosil beradigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga 60?80 kunda yetiladigan achchiq qalampir ekish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergani tufayli har bir viloyatda ushbu serdaromad o‘simlikni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etish kerakki, yurtimizda ekish uchun tavsiya etiladigan marg‘ilon-330, pikantnыy, uchqun, tillarang, mumtoz, said kabi qalampir navlari mavjud.
Hozirda olimlarning bu yo‘nalishda bir qator tavsiyalar ishlab chiqqan bo‘lib, joylarda o‘quv – seminarlari o‘tkazilmoqda. Unda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hisobga olinib, ishlab chiqilgan takliflar fermer, dehqon xo‘jaliklari boshliqlari va tomorqa yer egalariga yetkazilmoqda. Xususan, Toshkent davlat agrar universiteti Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Janubiy Koreyaning “KOPIA” markazi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida “O‘zbekistonda achchiq qalampir yetishtirishning istiqbollari” mavzusida o‘quv-seminarlari o‘tkazdi.
— Bizga jahonda achchiq qalampir ishlab chiqarishning bugungi holati va istiqbollari, ishlab chiqarishdagi ahamiyati, oziq-ovqatdagi sanoatidagi o‘rni, achchiq qalampirni innovatsion texnologiyalar asosida yetishtirish, quritish, qayta ishlash jarayoni haqida batafsil ma’lumotlar berildi,–deydi buxorolik Mirzavali Nasriyev.– Chamalab ko‘rdim, bemalol tomorqada ham yetishtirib, mo‘l hosil olsak bo‘lar ekan. Mahallamizda hammamiz ekib, quritish uskunasi xarid qilib, ishga tushirsak, daromadimiz oshar ekan.
— Biz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari ilg‘or fermer xo‘jaliklari negizida achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha tajriba tariqasida bir gektardan qalampirzor tashkil etishga kelishib oldik, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Maqsud Adilov. – Ekiladigan achchiq qalampir ko‘chatlari 40-45 kunlik, 8-10 bargli, poyasi va ildizlari durkun rivojlangan, barglari to‘q yashil tusda, sog‘lom bo‘lishi lozim. Achchiq qalampir juda o‘ziga xos o‘simlik bo‘lib, uni mevasini ko‘kligida ham qizarganida ham iste’mol qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Agrobank» qalampir yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlariga qalampir urug‘larini xarid qilish, ekish, ko‘chat va mahsulot yetishtirish, issiqxonalar qurish, moddiy-texnika resurslarini sotib olish, agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratishni boshladi.