Mamlakatimizga tashrif buyurgan Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari vakillari, tadbirkorlari Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyati, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Farg‘ona viloyatida janubiy koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda yigirmaga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilda tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik natijasida tashqi savdo aylanmasi 79 million dollarni tashkil qildi. Do‘stlik ramzi sifatida Qo‘qon shahrida koreys bog‘i tashkil etilmoqda.
Farg‘onada koreys tili va turli hunarlar o‘rgatiladigan maktab ochish, tibbiyotdagi hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish, viloyat markazida ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga oid takliflar ma’qullandi va memorandumlar imzolandi.
Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari vakillari, mahalliy tadbirkorlari “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu yerda loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
– Ma’muriy kengash tomonidan hozirga qadar 43 loyihaga ijobiy xulosalar berildi, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish shu’ba boshlig‘i Sohibjon Mamatov. – Investitsiya loyihalarimizdan 11 tasi chet el ishtirokidagi korxonalardir. Janubiy Koreyaning “Evergreen Motors Group” kompaniyasi kabi yirik korxonalar tomonidan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasiga qiziquvchilar ko‘p bo‘lmoqda. Muzokaralar olib borilib, koreyalik va farg‘onalik tadbirkorlar o‘rtasida turli loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolanadi.
“Indorama Qo‘qon tekstil” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasi faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– Biz asosan paxtadan matras ko‘rpachalar ishlab chiqaramiz, – deydi Janubiy Koreyaning “YULDUZ INTERNATIONAL CO.LTD” kompaniyasi direktori Li Byung Yong. – Farg‘onada jinsi shim, trikotaj kiyimlar ishlab chiqarmoqchimiz. Boshlanishiga 150-200 tagacha ish o‘rni yaratiladi. Korxona joriy yilning ikkinchi yarmida ish boshlaydi, hozir qurilish ishlari davom etmoqda. Bugun yurtingizdagi o‘zgarishlar bizni juda mamnun etmoqda. Ayniqsa, Janubiy Koreya fuqarolari uchun ham kirish vizalarining bekor qilingani katta imkoniyat bo‘ldi.
Shuningdek, mehmonlar Farg‘ona shahrida faoliyat yuritayotgan “UzSungwoo” qo‘shma korxonasi bilan tanishdi.
Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA