Muborak safarga munosiblar boradi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi.
Endilikda Hajga bormoqchi bo‘lgan fuqaro avval ushbu ziyoratga bormagan bo‘lishi, Umraga bormoqchi bo‘lganlar esa so‘nggi ikki yil mobaynida Umra yoki so‘nggi besh yilda Haj tadbirini ado etmagan bo‘lishi kerak. Hajga boradigan nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tarkibiga, qoidaga ko‘ra, tuman (shahar) bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar qo‘mitasi va “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari kiritiladi.
Samarqand viloyatida ham aholi o‘rtasida Haj va Umra ziyoratlarining tartib-qoidalari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va saralash mezonlari tushuntirilib, munosib fuqarolar tanlanmoqda.
– Haj va Umra musulmonlar uchun eng muqaddas ziyorat. Bunday niyatni amalga oshirishni istagan kishilar ziyorat amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi, ma’naviyati, odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborli, oilasidagi muhit sog‘lomligi, farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi sog‘lom muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarishga layoqatli bo‘lishi lozim, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi rahbari, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Shuningdek, nomzodning moddiy ahvoliga hech qanday shubha bo‘lmasligi, u safardan qaytib kelgunicha ro‘zg‘ori yetarli darajada ta’minlangan bo‘lishi, ziyorat amallarini bajarish uchun salomatligi to‘g‘ri kelishi hisobga olinadi. Avval Hajga borgan fuqaro qayta yuborilmaydi, degan talabni xalqimiz to‘g‘ri tushunishi kerak. Chunki yurtimizda ushbu muborak safarga borishni istovchi fuqarolarimiz judayam ko‘p. Haj – inson hayotida bir marta ado etilishi lozim bo‘lgan ibodat. Ishchi guruhlar tomonidan nomzodlar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda shu kabi jihatlar tushuntirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda Haj ziyoratiga saralangan nomzodlar mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomligini ta’minlash, yoshlarni turli yot illatlardan asrash, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yordam bermoqda. Mehr-muruvvat tadbirlarida faol ishtirok etayotir.
– Ishchi guruh xulosasi va jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi bilan mahallamizdan bu yil ikki nafar fuqaro Haj ziyoratiga borish uchun asosiy nomzodlar sifatida ro‘yxatga olindi, – deydi Samarqand shahridagi “Dari-zanjir” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi V.Rajabov. – Bu ikki mahalladoshimiz ham aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega, oilasi tinch, namunali, qo‘ni-qo‘shnilar, ehtiyojmand oilalarga muruvvatli kishilar hisoblanadi. Ular ayni paytda maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar bilan ishlashda bizga yaqindan ko‘maklashmoqda.

 

G‘olib Hasanov, O‘zA