Poytaxtimizda “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusidagi ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda YeXHT bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xalqaro tashkilot hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Forumda xotin-qizlarning siyosiy maydondagi o‘rnini mustahkamlash, vakillik hokimiyati organlarining parlament bilan konstruktiv aloqalarini kengaytirish, mamlakatimiz taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning o‘rnini kuchaytirish va gender tenglik masalalari muhokama qilindi.
Forumda Senat Raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
bugungi kunda xotin-qizlarga e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va ishtiroki kengayib bormoqda. Bu sohada xalqaro huquq normalari va standartlarga muvofiq 2 ta qonun, 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Shiddatli islohotlar davri parlament a’zolaridan faqat islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash emas, balki xalq vakillarining barcha sohalardagi o‘zgarishlar, yangilanishlarda faol ishtirok etishini, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan qonun ijodkorligini tubdan kuchaytirishni talab etmoqda.
Shuningdek, ijro hokimiyati ustidan o‘rnatilgan parlament nazoratini jonlantirishni, aholini qiynab kelayotgan muammolarni chuqur tahlil qilish va bartaraf etish borasidagi ishlarni jadallashtirish hamda xalqaro yo‘nalishdagi faoliyat natijadorligini oshirishni taqozo etadi. Bu borada parlamentariy ayollar bilimi, tajribasi, malakasi uzluksiz ravishda yuksalib borishi lozim. Deputat ayollar o‘z amaliy faoliyatida qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishi, berilgan vakolatli imkoniyatlardan to‘laqonli foydalangan holda saylovchilar ishonchini oqlash uchun qanday harakat qilishi kerak, kabi masalalarga yechim topish zarurati yuzaga kelmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakat ravnaqi yo‘lida hamkorlik qilish va bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlikda ishlash uchun ayol parlamentariylar platformasi orqali xotin-qizlarning siyosiy maydondagi o‘rinlarini mustahkamlash va ushbu platforma orqali vakillik hokimiyati organlari parlament bilan konstruktiv aloqalarini mustahkamlash zarur.
Forumda qayd etilganidek, bugungi kunda parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajada bo‘lib, 32 foizni tashkil etmoqda. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foizga, tadbirkorlik sohasida 25 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 46 foizga yetdi. Gender tenglik tamoyillariga alohida e’tibor bilan yondashilmoqda.
Ta’kidlanganidek, keyingi o‘n yillikda “gender xususiyatlarini inobatga oluvchi parlamentlar” tushunchasi gender tenglikni targ‘ib qilishning muhim instrumentiga aylandi. Milliy parlamentimizda xotin-qizlar 32 foizni tashkil etayotganining keng doiralarda e’tirof etilayotgani quvonarli hol. Parlamentlararo ittifoqning 2021 yilgi “Siyosatdagi ayollar” xalqaro reytingida O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar orasida 45-o‘rinni egallab, top-50 talikdan joy olgan.
Anjumanda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish va tashkil etishda ayol senator va deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, 2022-2026-yillarda mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur va 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining joylardagi ijrosini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga egaligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.
Forumda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish, ularni davlat boshqaruvi idoralarida qarorlar qabul qilish darajasida ishlashiga erishishga oid taklif hamda fikr-mulohazalar bildirildi. Yakunda tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA