Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Markaziy Osiyo davlatlarining BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ko‘plab mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan muhim fikrlar bildirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham tadbirning ahamiyatiga munosib, professional baho berdi:

– Avvalo, mazkur anjuman shu kunlarda butun dunyo hamjamiyati e’tibori markazida turganini ta’kidlash joiz.

Bundan 15 yil oldin BMT davrning eng muhim muammolaridan biri – xalqaro terrorizmga qarshi global strategiya ishlab chiqdi. Zero, bu illat har bir millat, xalq, mintaqada barqaror rivojlanishga, tinch aholiga jiddiy tahdid sifatida qabul qilinadi. Bu masalada barcha mamlakatlar, xalqaro tuzilmalar, nodavlat tashkilotlar birgalikda harakat qilishi lozim. Hech bir davlat mustaqil ravishda bu muammoni hal eta olmaydi.

Mazkur yuqori darajadagi konferensiya aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham ramziy ma’noga ega. Nima uchun? Birinchidan, davlatimiz rahbari konferensiya ishtirokchilariga murojaatida ushbu global muammoni bartaraf etishga qaratilgan turli yo‘nalishlar bo‘yicha aniq fikrlar bildirdi. Demak, terrorizmga qarshi kurash mamlakatimiz yetakchisining doimiy e’tiborida.

Ikkinchidan, vaqt o‘tgan sari terrorizmning xususiyati o‘zgarib boryapti. Masalan, hozir kiberterrorizm tushunchasi paydo bo‘lgan, kripto valyuta bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilish ancha qiyin kechmoqda. Mintaqamizda ham bu omillar terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishga xizmat qilishi hech gap emas.

Uchinchidan, Prezidentimiz taklifiga binoan, muammoning yechimi birinchi navbatda yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ular bilan faol ishlash maqsadga muvofiq. Bilamiz, terrorchi guruhlar, asosan, hayotiy tajribasiz yoki dunyoqarashi zaif yoshlarni o‘z safiga jalb qilishni ko‘zlaydi.

Qolaversa, anjumanda qatnashgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va takliflarni faol qo‘llab-quvvatladilar. Yalpi majlis yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat O‘zbekiston diplomatiyasining katta yutug‘idir.

Behruz Xudoyberdiyev,O‘zA