Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida mezbon mamlakat ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari va hamkorlik istiqboliga bag‘ishlangan ko‘plab materiallar chop etilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Xususan, “Pakistan Today”, “Dawn”, “Pakistan observer”, “National Herald Tribune”, “The Diplomatic Insight”, “Associated press of Pakistan”, “The Express Tribune”, “Ary News”, “The Dawn”, “Daily Ittihad”, “Eurasia diary”, “The Destination”, “Pakistan in the world”, “Lahore Herald” kabi yirik nashrlar va onlayn platformalarda hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida 20 fevral-2 mart oralig‘ida 200dan ziyod axborot va tashrifga oid ma’lumotlar chop etilgan.

Pokiston ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida e’tirof etilmoqda va bu Markaziy Osiyoda Toshkent mavqeining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “Pakistan observer” nashrida O‘zbekiston haqida shunday ta’rif berilgan: “O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning “darvozasi” hisoblanadi. U mintaqa va uning chegaralarida ijtimoiy-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalar integratsiyalashuviga katta hisssa qo‘shdi”.

Aksariyat Pokiston axborot va yangiliklar onlayn portallari O‘zbekistonning MDH, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun nafaqat ishbilarmonlik markazi, balki investitsiya kiritish, biznes va savdo uchun jozibador davlatga aylanganini e’tirof etishgan.

Mahalliy ekspertlar, ayniqsa, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim asos bo‘ladigan Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon o‘rtasidagi ishonch va do‘stona munosabatlarga alohida urg‘u berishmoqda.

Shuningdek, “Urdu Point” nashrida ikki davlat hamkorligi borasida shunday satrlar uchraydi: “Tomonlar davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish uchun katta imkoniyatlarga ega. Joriy yilning 1 mart kuni Islomobodda Pokiston va O‘zbekistonning 100 nafarga yaqin vakillari ishtirokida “Shavkat Mirziyoyev: Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob taqdimoti ramziy ma’noga ega, chunki Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z yurtida hozir Pokistonda amalga oshirilayotgan demokratik va ijtimoiy keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi”.

Pokiston OAV nashrlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, Pokiston hukumati va jamiyati Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifidan yuqori va samarali natijalarni maqsad qilgan. Zero, “tomonlar manfaatlarini ko‘zlagan nufuzli uchrashuv strategik sheriklikni yanada tizimlashtirish va tartibga solishga, shuningdek, amaliy jihatdan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi”.